Tashrif davomida texnopark hududida faoliyat yuritayotgan xalqaro IT-kompaniyalarning joriy biznes jarayonlari, ularning eksportga yo‘naltirilgan xizmatlari, shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlashga qo‘shayotgan amaliy hissalari taqdim etildi. Xususan, xorijiy buyurtmachilarga masofadan turib IT-xizmatlar ko‘rsatib kelayotgan va bugungi kunda 20 dan ortiq yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlab kelayotgan "IT-call Qarshi" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati taqdimot qilindi.
Bundan tashqari, delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlari bozoriga yo‘naltirilgan va IT-xizmatlarini eksport qilish orqali 70 dan ortiq yosh xodimlarni doimiy ish bilan ta’minlaydigan "Data Drive" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Ushbu kompaniyalarning tajribasi Qarshi shahrida xalqaro IT-autsorsing, masofaviy bandlik shakllari va eksportga yo‘naltirilgan raqamli xizmatlarni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligidan dalolat beradi.
Bunday loyihalar yoshlar uchun barqaror daromad manbai, xalqaro mehnat bozoriga kirish, amaliy tajriba orttirish va zamonaviy raqamli kasblarni o‘zlashtirish kabi real ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarni shakllantirishi alohida ta’kidlandi.
Hozirgi kunda Yoshlar texnoparki nafaqat zamonaviy infratuzilmaga ega obyekt, balki yosh mutaxassislar, xalqaro IT-kompaniyalar va raqamli rivojlanish sohasidagi davlat siyosatini birlashtiruvchi asosiy platforma sifatida shakllanmoqda. Bu, o‘z navbatida, hududlarda raqamli iqtisodiyot va IT-ekotizimni kengaytirishga, shuningdek, yangi investorlar va ish beruvchilarni jalb qilishga xizmat qiladi.